SAVOL JAVOB

Hayvonlarni identifikatsiya qildirmasa ham bo‘ladimi?

Hayvonlarni davlat veterinariya xizmatida ro‘yxatdan o‘tkazish va identifikatsiya qildirish majburiydir. 
 
Identifikatsiya qilinmagan hayvonlarni saqlash va boqish ta’qiqlanadi. 
 
Identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut va/yoki veterinariya pasporti bo‘lmagan hayvonlar identifikatsiya qilinmagan hisoblanadi va ular nazoratsiz hisoblanib, belgilangan tartibda egasini aniqlash uchun tutib olinadi. 

Hayvonlarni qayerda so‘yish kerak?

So‘yiladigan hayvonlarni tijorat maqsadlarida faqat ixtisoslashgan so‘yish korxonasida so‘yish majburiydir (veterinariya vrachining ruxsati bilan shaxsiy ehtiyoji uchun so‘yish bundan mustasno)!

Hayvon qanday sotiladi?

Hayvon egalari hayvon sotilganligi yoki hadya qilinganligini veterinariya pasportida Davlat veterinariya xizmatining vakiliga tasdiqlatishga majburdir!
Bunda, hayvon egalari o‘zlarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ham taqdim etadi.

Hayvon sotib olganda nima qilish kerak?

Xaridor (oluvchi) hayvonni sotib olganda (hadyani olganda) doimiy yashash joyi bo‘yicha davlat veterinariya xizmatining vakiliga yetti kun ichida hayvonni hisobga qo‘yish uchun murojaat qilishga majburdir!

Hayvonlar tug‘ilganda qancha muddatda identifikatsiya qilinadi?
  • Qoramol, qo‘y va echkilar, tuyalarning bolalari tug‘ilganidan o‘n to‘rt kundan keyin bir oylikdan kechikmasdan;
  • qulunlar va xo‘tiklar to‘rt oyligidan;
  • cho‘chqa bolalari bir oyligidan;
  • it va mushuklar uch oyligidan hisobga olinadi.
Itlarni ko‘chalarda sayr qildirishda talablar bormi?

Itlar ochiq joylarda yoki buning uchun maxsus ajratilgan maydonlarda sayr qildiriladi, itning egasi it qochib ketmasligi yoki odamlar yoki boshqa hayvonlarga hujum qilmasligi choralarini ko‘rishi zarur. Shuningdek, it bo‘yinbog‘iga jeton mahkamlangan holda yetovda olib yurib sayr qildirilishi kerak.

It ochiq joylarda sayr qildirilganda u tumshuqbog‘da va 2 metrgacha uzunlikdagi yetovda, jamoat joylarida 1 metrgacha uzunlikdagi yetovda bo‘lishi kerak.

Qarovsiz va daydi it va mushuklar paydo bo‘lganda kimga murojaat qilish kerak?

Ko‘chalarda qarovsiz va daydi it va mushuklar paydo bo‘lgan taqdirda darhol shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limiga xabar berish zarur.

Ko‘p qavatli uylarda nechta it va mushuk saqlash mumkin?

Ko‘p qavatli uyning alohida kvartirasida qo‘shnilarning va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining roziligi bilan bittadan ortiq bo‘lmagan itni va bitta mushukni saqlashga ruxsat etilgan bo‘lsa, alohida uylarda itlarni faqat bog‘langan holda saqlashga ruxsat etiladi.