ANDIJON VILOYATIDA “TADBIRKORLIK SUB’ЕKTLARINING HUQUQLARI VA QONUNIY MANFAATLARINI HIMOYA QILISH” MAVZUSIDA SЕMINAR BO‘LIB O‘TDI

Andijon viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasida “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish” mavzusiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Unda viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi mas’ullari, viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi Davlat markazi, tumanlar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari xodimlari, veterinariya uchastka mudirlari hamda veterinariya laboratoriyasi mutaxassislari ishtirok etishdi.

Seminar davomida mamlakatimizda soha bo‘yicha tadbikorlik faoliyatini rivojlantirish, biznes yuritish uchun qulay sharoit yaratilayotganligi, Respublikamizda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni yetakchi inspektori Odilbek Qobilov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasining “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonuni, Prezidentimizning tadbikorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda sohaga doir qator farmon va qarorlarning mazmun-mohiyati xususida nutq so‘zladi.

Seminar davomida tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va tekshiruvlarning qonuniyligi ustidan nazorat o‘rnatish, nazorat qiluvchi organlar faoliyatida qonuniylik, xolislik va oshkoralikni ta’minlash, yuridik va jismoniy shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kabi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, tekshiruvni tashabbus qilishni nazarda tutuvchi “xavfni tahlil etish” tizimi natijalari asosida amalga oshirish, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinishi lozimligi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tushunchalar berildi.

Seminar yakunida yig‘ilish qatnashchilari mavzuga oid barcha savollarga javob olishdi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish
davlat qo‘mitasi Axborot xizmati